Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining
buyrug‘i
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 11-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3424]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. QOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2023-yil 2-mart,
51-son
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining 2023-yil 2-martdagi 51-son buyrug‘iga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (bundan buyon matnda vazirlik deb yuritiladi) tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat — Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga ixtiyoriylik asosida vazirlik orqali davlat bilan tuziladigan kontraktga binoan kirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bajaradigan harbiy xizmat;
harbiy-kasbiy saralash (bundan buyon matnda saralash deb yuritiladi) — fuqarolarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qo‘yilgan talablarga mos kelishini aniqlashga qaratilgan tadbirlar kompleksi (intellektual rivojlanganlik va psixoemotsional barqarorlik darajasini psixologik o‘rganish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jismoniy imkoniyatlarni, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat uchun kasbiy jihatdan muhim bo‘lgan boshqa sifatlarni baholash);
nomzod — kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish haqidagi arizasi (bildirgisi) ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
2. Nomzodlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun saralash tadbirlari tashkil qilinadi va quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
a) dastlabki o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, suhbat);
b) jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
v) psixologik o‘rganish (nomzodlarning intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligini baholash);
g) tibbiy ko‘rik;
d) muvofiqlashtirishdan o‘tkazish.
3. Vazirlik uchun zarur hollarda ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan fan arboblari, shuningdek madaniyat vakillari, so‘nggi uch yil davomida respublika miqyosidagi sport musobaqasining g‘olibi bo‘lgan yoki xalqaro miqyosdagi sport musobaqasining 1 — 3-o‘rinlaridan birini egallagan sportchilar istisno tariqasida saralashning faqatgina tibbiy ko‘rik va muvofiqlashtirishdan o‘tkazish bosqichlaridan o‘tadilar.
2-bob. Nomzodlarga qo‘yiladigan umumiy talablar
4. Saralashda Oʻzbekiston Respublikasining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional yoki oliy maʼlumotga ega bo‘lgan quyidagi fuqarolari ishtirok etishlari mumkin:
o‘n sakkiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan shaxslar;
muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan qirq yoshgacha bo‘lgan shaxslar;
rezervdagi va zaxiradagi qirq yoshgacha bo‘lgan ofitserlar.
Bunda, erkak jinsidagi nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan (o‘tayotgan) yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni o‘tagan yoxud oliy taʼlim muassasalari harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘qishni tugatgan bo‘lishi, shuningdek harbiy ro‘yxatda turgan bo‘lishi kerak.
5. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilishda nomzod bo‘yi quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:
erkak jinsidagi nomzodning bo‘yi — 170 santimetrdan past bo‘lmasligi kerak;
ayol jinsidagi nomzodning bo‘yi — 160 santimetrdan past bo‘lmasligi kerak.
Ushbu bandda belgilangan talablar mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan shaxslarga, shuningdek ushbu Nizomning 1-ilovasidagi ro‘yxatga muvofiq tor ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lgan nomzodlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2024-yil 18-iyuldagi 212-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3424-1, 05.08.2024-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2024-y., 10/24/3424-1/0583-son)
3-bob. Saralash tadbirlarini tashkil etish
7. Saralash tadbirlarining o‘z vaqtida va sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishini taʼminlash uchun vazirlikning hududiy boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari va “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan doimiy faoliyat yuritadigan Harbiy-kasbiy saralash komissiyalari (bundan buyon matnda Saralash komissiyalari deb yuritiladi) tashkil etiladi.
8. Nomzodlarni saralash tadbirlari vazirlik tizimida mavjud birlamchi bo‘sh lavozimlardan kelib chiqqan holda yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi.
9. Saralash komissiyalari vazirlikning kadrlar bilan ishlash va harbiy-kasbiy saralash bo‘limi harbiy xizmatchisi, shuningdek hududiy boshqarmalar boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari, “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari va tegishli sohaviy xizmat harbiy xizmatchilari orasidan 5 kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Bunda:
vazirlikning hududiy boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari — Saralash komissiyasi raisi;
“Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari — Saralash komissiyasi raisi;
kadr organi harbiy xizmatchisi — Saralash komissiyasi kotibi hisoblanadi.
10. Saralash komissiyasi kotibi tomonidan har yili yanvar oyining o‘ninchi sanasiga qadar saralash tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha reja-jadval shakllantiriladi hamda komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi. Reja-jadvalda saralash tadbirlarini o‘tkazish joyi va vaqti ko‘rsatiladi.
11. Saralash tadbirlari vazirlikning hududiy boshqarmalarida va “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasida o‘tkaziladi.
Vazirlikning tarkibiy tuzilmalariga nomzodlarni qabul qilish uchun saralash tadbirlari ushbu tarkibiy tuzilmalar joylashgan hududdagi vazirlikning hududiy boshqarmalarida o‘tkaziladi, bundan “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasida o‘tkaziladigan saralash tadbirlari mustasno.
12. Saralash komissiyasining aʼzosi bo‘lgan vazirlikning kadrlar bilan ishlash va harbiy-kasbiy saralash bo‘limi harbiy xizmatchisi tomonidan saralash o‘tkazilishidan kamida bir oy oldin vazirlikning rasmiy veb-saytida bo‘sh lavozimlar bo‘yicha maʼlumotlar, saralash o‘tkazish joyi va kunlari, shuningdek xizmatga qabul qilish tartibi va mazkur Nizomning 3-bandida belgilangan imtiyozlar to‘g‘risidagi eʼlonlar joylashtiriladi.
13. Nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida vazirlikning hududiy boshqarma va tarkibiy tuzilmalarining hududiga kirish joylarida nomzodlarni saralash tartibi, ularga qo‘yiladigan talablar haqidagi maʼlumotlar qayd etilgan axborot stendlari majburiy tartibda joylashtirilishi lozim.
14. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar orasidan kontrakt bo‘yicha xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Nomzodlarni dastlabki o‘rganish
15. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyidagi vazirlikning hududiy boshqarmalariga, shuningdek “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasiga kirish istagini bildirgan nomzodlar ushbu muassasaga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Bunda, arizada nomzodning pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi maʼlumotlari ko‘rsatilishi lozim.
Saralash tadbirlari boshlanganidan keyin murojaat qilgan nomzodlar ushbu saralashda emas, balki keyingi saralashda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
16. Nomzod muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lsa, arizada kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatilish sababini ko‘rsatishi lozim.
17. Navbatdagi saralash tadbirlari boshlanishidan o‘n kun oldin Saralash komissiyasi tomonidan saralashda qatnashish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan nomzodlarga saralash tadbirlarining boshlanish vaqti va joyi haqida xabar beriladi.
18. Saralash komissiyasining navbatdagi qabul kuni davomida nomzodlarni dastlabki o‘rganish ishlari amalga oshiriladi.
19. Nomzod dastlabki o‘rganish vaqtida Saralash komissiyasiga o‘zini tanishtiradi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni komissiya kotibiga ko‘rsatadi.
20. Saralash komissiyasi kotibi saralash uchun hozir bo‘lgan nomzod haqidagi maʼlumotlarni mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi Nomzodlarni ro‘yxatga olish va dastlabki o‘rganish natijasini qayd etish jurnaliga kiritadi.
21. Nomzod mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan talabga javob berishini aniqlash maqsadida Saralash komissiyasining tegishli aʼzosi tomonidan uning bo‘yi o‘lchanadi. Nomzodning bo‘yi talabga javob bermagan hollarda, unga saralashning keyingi bosqichida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
22. Dastlabki o‘rganish davomida Saralash komissiyasining suhbat o‘tkazilishiga masʼul bo‘lgan aʼzosi (aʼzolari) tomonidan nomzodga mazkur Nizom talablari, harbiy xizmatchining huquq va majburiyatlari, harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq shartlar va imtiyozlar tushuntirilishi hamda nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagi bor yoki yo‘qligi aniqlanishi lozim.
23. Saralash komissiyasi aʼzolari tomonidan nomzodni dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra shu kunning o‘zida nomzodni saralashning keyingi bosqichiga o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Bunda, nomzodning bo‘yi talabga javob berganda hamda nomzod kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan hollarda Saralash komissiyasi tomonidan nomzodni keyingi bosqichga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
5-bob. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash
24. Saralashning dastlabki o‘rganish bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bosqichiga o‘tkaziladi.
25. Jismoniy tayyorgarlik sinovi nomzodning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
26. Saralash komissiyasi kotibi dastlabki o‘rganish natijalari eʼlon qilingan kuni jismoniy tayyorgarlik sinovi o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida nomzodlarni xabardor qiladi.
27. Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish metodikasi asosida amalga oshiriladi.
Bunda, nomzodga har bir mashqni bajarganlik uchun ball beriladi. Umumiy to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ball — 30 ballni tashkil etadi.
28. Nomzodlar tomonidan mashqlarni bajarish boshlanishidan oldin ularga mashqlarni bajarishga qo‘yiladigan talablar, mashqlarni bajarish tartibi hamda baholash mezonlari Saralash komissiyasi aʼzolari tomonidan tushuntiriladi
29. Nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qo‘yiladigan talablar erkak va ayol jinsidagi nomzodlar uchun alohida belgilanadi.
30. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajargan nomzodlar shu vaqtning o‘zida Saralash komissiyasi aʼzolari tomonidan baholanadi.
31. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlari natijalari bo‘yicha shu kunning o‘zida mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi va natijalar shu zahoti nomzodlarga eʼlon qilinadi.
Qaydnoma Saralash komissiyasining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sinovda ishtirok etgan aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning o‘zida komissiya kotibiga topshiriladi.
32. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mashqlaridan jami to‘plangan balli 15 balldan past bo‘lgan nomzodlar saralashning keyingi bosqichiga o‘tkazilmaydi.
33. Qoniqarsiz baholangan nomzod jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mashqlarini u baholangan kundan boshlab 1 yil davomida 2 marotaba navbatdagi saralash tadbirlari davomida qayta topshirishi mumkin, biroq shu kunning o‘zida qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
6-bob. Nomzodlarni psixologik o‘rganish
34. Saralashning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligini aniqlash maqsadida psixologik o‘rganish o‘tkaziladi.
35. Nomzodlarni psixologik o‘rganish mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq metodika va baholash mezonlari asosida psixologik test sinovidan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
36. Saralash komissiyasining aʼzosi bo‘lgan vazirlikning kadrlar bilan ishlash va harbiy-kasbiy saralash bo‘limi harbiy xizmatchisi psixologik test savollari va ularning javoblari saqlanishi hamda oshkor qilinmasligi uchun javobgar hisoblanadi.
37. Psixologik o‘rganish natijalari qoniqarsiz bo‘lgan nomzod psixologik test sinovini u baholangan kundan boshlab 1 yil davomida 2 marotaba navbatdagi saralash tadbirlari davomida qayta topshirishi mumkin, biroq shu kunning o‘zida qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
38. Nomzodlar tomonidan to‘ldirilgan testlarning javob blankalari psixologik o‘rganish o‘tkazilgandan so‘ng ikki kun ichida Saralash komissiyasi tomonidan tekshiriladi.
Bunda, psixologik test sinovining natijalari bo‘yicha u o‘tkazilgan kundan boshlab uch kun ichida Saralash komissiyasining psixologik o‘rganish tadbirlarida ishtirok etgan aʼzolari tomonidan psixologik test sinovlari natijalari bo‘yicha mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi va imzolanadi hamda komissiya kotibiga topshiriladi.
Psixologik o‘rganish natijalari u o‘tkazilgan kundan boshlab uch kun ichida nomzodlarga eʼlon qilinishi lozim.
39. Saralash komissiyasi tomonidan psixologik o‘rganish natijalariga asosan quyidagi xulosalardan biri chiqariladi:
nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat talablariga muvofiqligi haqida;
nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat talablariga nomuvofiqligi haqida.
40. Saralash komissiyasi kotibi tomonidan nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish tadbirlarida qayd etgan natijalari umumlashtirilib, mazkur Nizomning 8-ilovasiga muvofiq shaklda bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Bunda, bayonnomaga nomzodlar tomonidan jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish tadbirlarida qayd etilgan natijalar mutaxassisliklar kesimida ko‘rsatkichlarning pasayib borish tartibida kiritilishi lozim.
41. Bayonnoma Saralash komissiyasining har bir aʼzosi tomonidan imzolanadi hamda Saralash komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
42. Saralash komissiyasi kotibi tasdiqlangan bayonnomaning ko‘chirmasi (nusxasi) u tasdiqlangan kundan boshlab besh ish kuni ichida nomzodlarga ularning imzosi qo‘ydirilgan holda tanishtirilishini taʼminlashi lozim.
43. Saralash komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangan vaqtidan boshlab kadrlar organlari tomonidan bir yil davomida amalga oshirish uchun haqiqiy hisoblanadi, tibbiy ko‘rik natijalari bundan mustasno.
44. Saralash tadbirlarining dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga mazkur Nizomning 9-ilovasiga muvofiq shaklda saralash kartasi to‘ldiriladi va nomzodning shaxsiy yig‘majildiga jamlanadi.
45. Saralash tadbirlari boshlanishidan oldin dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalari yuzasidan nomzodlarning ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘iga asosan vazirlik tizimining kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining ko‘rsatmasiga asosan Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan ham mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Saralash tadbirlarini o‘tkazishga masʼul bo‘lgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
46. Dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalaridan norozi bo‘lgan nomzod ushbu natijalar bo‘yicha xabardor qilingan kundan eʼtiboran o‘n besh kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin.
47. Apellyatsiya komissiyasi dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalaridan norozi bo‘lgan nomzodni shikoyat ko‘rib chiqilishidan ikki kun oldin uni ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
48. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat kelib tushgan kundan boshlab, besh kun ichida mazkur shikoyatni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilishi shart.
Bunda, dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalaridan norozi bo‘lgan nomzod mazkur shikoyatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
49. Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish;
dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalariga o‘zgartirish kiritish.
50. Apellyatsiya komissiyasining dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganish natijalariga o‘zgartirish kiritish va nomzodni ushbu saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli topshirgan deb topish to‘g‘risidagi qarori asosida u tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun tavsiya etiladi.
51. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan nomzod yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
7-bob. Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish
52. Nomzodlar sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashga yaroqliligini aniqlash maqsadida ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
53. Nomzodlarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanmalar Saralash komissiyasining kotibi tomonidan beriladi.
54. Tibbiy ko‘rik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel) talablariga muvofiq o‘tkaziladi.
55. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqsiz yoki keyinchalik qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sharti bilan davolanishga muhtoj deb topilgan nomzodlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinmaydi.
8-bob. Nomzodlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish
56. Dastlabki o‘rganish, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganishdan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda tibbiy ko‘rikdan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan nomzodlar muvofiqlashtirishdan o‘tkaziladi va ularga vazirlikning hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalarining maxfiy bo‘limlari (bo‘linmalari) tomonidan maxsus ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlashtirishdan o‘tkazish hamda maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirishning talablari xizmat siri hisoblanadi va oshkor qilinishi man etiladi.
57. Muvofiqlashtirishdan o‘tkazish hamda maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirish natijalariga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb topilgan nomzodlarga shu kunning o‘zida yozma ravishda xabarnoma yuboriladi.
58. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga belgilangan namunadagi shaxsiy yig‘majildlar rasmiylashtiriladi.
59. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va psixologik o‘rganishning umumlashtirilgan natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan, tibbiy ko‘rikdan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan hamda belgilangan shakldagi maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lgan nomzodlar tegishli mutaxassislik bo‘yicha bo‘sh lavozimlar mavjud bo‘lgan taqdirda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinadi.
Bunda, ikki yoki undan ortiq nomzodlarning umumiy to‘plagan ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda ularning psixologik o‘rganish tadbirida qayd etgan natijasi inobatga olingan holda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega nomzod tanlab olinadi.
60. Mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘sh lavozimlar mavjud bo‘lmagan taqdirda nomzodlar kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
9-bob. Yakuniy qoida
61. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga

1-ILOVA

Maxsus antropometrik parametrlar tatbiq etilmaydigan mutaxassisliklar
ROʻYXATI
Quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha oliy maʼlumotga ega bo‘lgan nomzodlar:
1. Yurisprudensiya;
2. Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), moliya va moliyaviy texnologiyalar;
3. Arxitektura;
4. Psixologiya;
5. Xalqaro munosabatlar va jahon siyosati;
6. Tibbiyot;
7. Veterinariya;
8. Jurnalistika;
9. Sanʼat yo‘nalishida: aktyorlik sanʼati, vokal sanʼati, cholg‘u ijrochiligi, xoreografiya;
10. Kino-teleoperatorlik.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga

2-ILOVA

_______________________ga

(lavozimi, harbiy unvoni, F.I.O.)


ARIZA

Men _______________________________________________________________________________

(harbiy unvoni, F.I.O)

_________________________________________________________________________________________

(tug‘ilgan yili, kuni, oyi va joyi)

_________________________________________________________________________________________

(doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi)

_________________________________________________________________________________________

(qaysi mudofaa ishlari bo‘limida harbiy hisobda turadi)

_________________________________________________________________________________________

(maʼlumoti: qaysi taʼlim muassasasini qachon va qaysi mutaxassislik bo‘yicha tamomlagan)

_________________________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________

(harbiy xizmatni qayerda va qaysi lavozimda o‘tagan)

_________________________________________________________________________________________

(ilgari kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lsa, uni qayerda va qaysi lavozim bo‘yicha o‘taganligi,
harbiy xizmatdan Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilganlik sababi va asoslari)

Menga Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha
harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tadbirlarida qatnashishga ruxsat berishingizni so‘rayman.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash talablari va sharoitlari bilan tanishdim. Oʻzbekiston Respublikasining istalgan hududida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashga tayyorman.

Harbiy xizmat bo‘yicha menga maʼlum bo‘lgan davlat va harbiy xizmatga oid maʼlumotlarni sir
saqlashga vaʼda beraman.

Pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi maʼlumotlari _________________________.

(seriyasi va raqami)


Sinovlarni ____________tilida topshiraman.

(o‘zbek, rus, qoraqalpoq)

________________________

________________________

(imzo)

(F.I.O)

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga

3-ILOVA

Nomzodlarni ro‘yxatga olish va dastlabki o‘rganish natijasini qayd etish
JURNALI
T/r

Sana

F.I.O.

Tug‘ilgan yili, oyi va kuni

Maʼlumoti va mutaxassisligi

Telefon raqami

Dastlabki o‘rganish natijasi

Nomzodning imzosi

1.

2.

3.

4.

5.

6.

...

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga

4-ILOVA

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish
METODIKASI
1. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlari boshlanishidan oldin nomzod saralash komissiyasining masʼul aʼzolariga o‘zini tanishtiradi, bunda nomzod pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud harbiy guvohnomasini ko‘rsatishi lozim.
2. Nomzodlarga mashqlarni bajarishga qo‘yiladigan talablar, mashqlarni bajarish tartibi hamda baholash mezonlari saralash komissiya aʼzolari tomonidan tushuntiriladi.
3. Nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qo‘yiladigan talablar erkak va ayol jinsidagi nomzodlar uchun alohida belgilanadi.
4. Nomzodlar mashqlarni sport kiyimida bajarishlari tavsiya etiladi.
5. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarishda nomzodlar quyidagi yosh guruhlariga bo‘linadi:
a) erkak jinsidagi nomzodlar:
1-guruh: 28 yoshgacha bo‘lganlar;
2-guruh: 29 yoshdan 33 yoshgacha bo‘lganlar;
3-guruh: 34 yoshdan 38 yoshgacha bo‘lganlar;
4-guruh: 39 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlar;
b) ayol jinsidagi nomzodlar:
1-guruh: 25 yoshgacha bo‘lganlar;
2-guruh: 26 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar;
3-guruh: 31 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar;
4-guruh: 36 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlar.
6. Quyidagilar erkak jinsidagi nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:
tezlikka oid mashq — 100 metrga yugurish;
kuch ishlatishga oid mashq — to‘sinda (turnikda) tortilish;
chidamlilikka oid mashq — 3000 metrga yugurish.
7. Quyidagilar ayol jinsidagi nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan jismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:
tezlikka oid mashq — 100 metrga yugurish;
kuch ishlatishga oid mashq — kuch ishlatish mashqlari kompleksi;
chidamlilikka oid mashq — 1000 metrga yugurish.
Jismoniy tayyorgarlik mashqlari quyidagi ketma-ketlikda bajariladi:
birinchi navbatda — tezlikka oid mashqlar, ikkinchi navbatda — kuch ishlatishga oid mashqlar, uchinchi navbatda — chidamlilikka oid mashqlar.
8. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarish oralig‘ida nomzodlarga dam olish uchun kamida 20 daqiqa vaqt beriladi.
9. 100 metrga yugurish mashqi stadionning yugurish yo‘lakchasida yoki qattiq qoplamli tekis joylarda yuqori yoki quyi startdan quyidagicha amalga oshiriladi:
“Startga” komandasi bo‘yicha start olish chizig‘iga yaqinlashish;
“Diqqat” komandasi bo‘yicha tananing og‘irligini oldinda turgan oyoqqa o‘tkazish, gavda va boshni oldinga egish, qo‘llarni tirsakka bukish;
“Olg‘a” komandasi bo‘yicha yugurishni boshlash.
10. Quyidagilar to‘sinda (turnikda) tortilish mashqiga qo‘yiladigan talablar hisoblanadi:
bosh barmoq poya ichkarisidan ushlanadi, tana biroz rostlanadi, tizza bo‘g‘imi to‘g‘irlanadi, oyoq uchlari cho‘ziladi, tovonlar birlashtiriladi;
iyak to‘sin (turnik) poyasidan o‘tgunga qadar qo‘llar bukiladi;
harakat to‘liq amalga oshirilishi bilan dastlabki holatga qaytiladi (osilish holati 1-2 soniya davom etishi mumkin);
oyoqlarni 45° ga ko‘tarishga ruxsat etiladi.
Ushbu mashqni bajarishda oyoqlarni bukish va kerish, tanani harakatsiz holatda egish hamda oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish taqiqlanadi.
11. 3000 va 1000 metrga yugurish mashqlari stadionning yugurish yo‘lakchalari yoki qattiq qoplamali tekis joylarda, umumiy yoki alohida start berilgan holda o‘tkaziladi.
Start va marra chiziqlari bir joyda belgilanishi mumkin.
Bunda, yugurish hududidan chiqib ketgan yoki yugurishdan yurish holatiga o‘tgan ishtirokchi mashqni bajarmagan hisoblanadi.
12. Nomzod tomonidan kuch ishlatish mashqlari kompleksini bajarishda 1 daqiqa ichida 2 ta mashq uzluksiz bajariladi.
Har bir mashqni bajarish uchun 30 soniyadan vaqt ajratiladi.
Birinchi mashqni bajarish uchun ajratilgan 30 soniya vaqt tugaganligi eʼlon qilinganda, nomzod darhol ikkinchi mashqni bajarishga kirishadi.
Quyidagilar birinchi mashqni bajarishga qo‘yiladigan talablar hisoblanadi:
chalqancha yotiladi;
qo‘llar belda, tizzalar bukilmagan holda oyoqlar to‘piq qismidan boshqa odam yordamida ushlanadi;
dastlabki holatdan gavda oldinga ko‘tarilib, qo‘llar oyoq uchiga tekkandan so‘ng, dastlabki holatga qaytiladi.
Ushbu mashqni bajarish vaqtida tizzalarni bukish va sherik tomonidan oyoqlarni qo‘yib yuborish taqiqlanadi.
Quyidagilar ikkinchi mashqni bajarishga qo‘yiladigan talablar hisoblanadi:
tayanib yotiladi, qo‘llar yelka kengligida tizzalar bukilmagan holatda bo‘ladi;
qo‘llar bukilib yoziladi (bunda bel hamda yelka qismlari birgalikda va tekis tushib chiqishi shart);
qo‘llar bukilib tana yerga nisbatan parallel holatga keltirilgandan so‘ng, dastlabki holatga qaytiladi.
Ushbu mashqni bajarish vaqtida qo‘llar chala bukilib yozilishi, bel va yelkalar har xil tushib chiqishi, tizzalarning yerga tegishi taqiqlanadi.
13. Mazkur metodikada nazarda tutilgan mashqlarni bajarish tartibini buzgan nomzodga shu mashq bo‘yicha ball qo‘yilmaydi.
14. Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish metodikasiga

ILOVA

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash mezonlari
1. Erkak jinsidagi nomzodlar uchun:

Mashqning nomlanishi

Oʻlchov birligi

Yosh guruhi

Baholash mezonlari

Aʼlo

Asosiy ball

Yaxshi

Asosiy ball

Qoniqarli

Asosiy ball

100 metrga yugurish

soniya

1

14,0

10

14,4

7

15,2

5

2

14,2

10

14,6

7

15,4

5

3

14,8

10

15,4

7

16,0

5

4

15,4

10

16,0

7

16,6

5

To‘sinda (turnikda) tortilish

marotaba

1

14

10

12

7

10

5

2

13

10

11

7

9

5

3

10

10

8

7

6

5

4

8

10

6

7

4

5

3000 metrga yugurish

daqiqa, soniya

1

12,40

10

13,00

7

13,35

5

2

12,50

10

13,10

7

13,45

5

3

14,20

10

14,50

7

15,30

5

4

15,00

10

15,50

7

16,40

5

2. Ayol jinsidagi nomzodlar uchun:

Mashqning nomlanishi

Oʻlchov birligi

Yosh guruhi

Baholash mezonlari

Aʼlo

Asosiy ball

Yaxshi

Asosiy ball

Qoniqarli

Asosiy ball

100 metrga yugurish

soniya

1

16,8

10

17,4

7

18,0

5

2

17,4

10

18,0

7

18,6

5

3

18,0

10

18,6

7

19,2

5

4

18,6

10

19,6

7

20,6

5

Kuch ishlatish mashqlari kompleksi

marta

1

32

10

29

7

26

5

2

30

10

27

7

24

5

3

28

10

25

7

22

5

4

25

10

22

7

19

5

1000 metrga yugurish

daqiqa, soniya

1

4,25

10

4,40

7

5,00

5

2

4,35

10

4,50

7

5,20

5

3

4,50

10

5,05

7

5,40

5

4

5,10

10

5,30

7

6,00

5

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga

5-ILOVA

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash natijalari bo‘yicha
QAYDNOMA
20__ yil “____” ____________

1. Erkak jinsidagi nomzodlar uchun:

T/r

Nomzodning F.I.O.

Mashqlarning nomi va baholash

Umumiy ball

Yosh guruhi

To‘sinda (turnikda) tortilish

100 metrga yugurish

3000 metrga yugurish

natija

ball

natija

ball

natija

ball

1.

2.

3.

4.

5.

...

2. Ayol jinsidagi nomzodlar uchun:

T/r

Nomzodlarning F.I.O.

Mashqlarning nomi va baholash

Umumiy ball

Yosh guruhi

kuch ishlatish mashqlari kompleksi

100 metrga yugurish

1000 metrga yugurish

natija

ball

natija

ball

natija

ball

1.

2.

3.

4.

5.

6.

7.

8.

Komissiya aʼzolari:

________________________

________________________

(imzo)

(F.I.O.)

________________________

________________________

(imzo)

(F.I.O.)

________________________

________________________

(imzo)

(F.I.O.)

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga

6-ILOVA

Nomzodlarni psixologik o‘rganish
METODIKASI
1. Nomzodlar psixologik test sinovlari o‘tkaziladigan xonaga o‘zining biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud harbiy guvohnomasini ko‘rsatgan holda kiritiladi.
2. Psixologik test sinovlari o‘tkazilayotgan xonaga jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, kalkulyator, shpargalkalar, telekommunikatsiya va boshqa axborot tashuvchi vositalar olib kirish taqiqlanadi.
Psixologik test sinovlari vaqtida taqiqlangan vositalardan foydalangan nomzodlar test sinovlaridan chetlashtiriladi va bu to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
3. Psixologik test sinovlari boshlanishidan avval nomzodlar Saralash komissiyasining psixologik o‘rganishni o‘tkazish bo‘yicha masʼul mutaxassislari tomonidan psixologik o‘rganishni o‘tkazish tartibi, har bir vazifa bo‘yicha nazarda tutilgan baholash mezonlari bilan tanishtiriladi hamda ularga tegishli tushuntirishlar beriladi.
4. Nomzodlar barcha harakatlarni saralash komissiyasi aʼzolarining ko‘rsatmalariga muvofiq bajaradi.
Mazkur ko‘rsatmalarga amal qilmagan nomzod xonadan chiqarib yuboriladi va u test sinovlarini bajarmagan hisoblanadi.
5. Nomzod beriladigan savollarga javoblarni belgilash hamda vazifalarni bajarish orqali psixologik test sinovlaridan o‘tadi.
Nomzodlar bilan psixologik test tadbirlari yakka tartibda yoki guruh bo‘lib o‘tkazilishi mumkin. Psixologik test guruh tarkibida o‘tkazilganda, xonada nomzodlar soni o‘ttiz nafardan oshmasligi zarur.
6. Psixologik o‘rganish davomida nomzodlarga ikki qismdan iborat bo‘lgan test asosida vazifalar beriladi. Bunda, birinchi qismda (intellektual rivojlanganlik darajasini o‘rganish) har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball beriladigan 77 ta topshiriqdan iborat bo‘lgan 3 ta vazifa, ikkinchi qismda (psixoemotsional barqarorlik darajasini o‘rganish) har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball beriladigan 152 ta savoldan, shuningdek javoblarning samimiyligini aniqlash yo‘nalishi bo‘yicha beriladigan 13 ta savoldan iborat so‘rovnoma qo‘llaniladi.
Nomzodga berilgan vazifalarni bajarish uchun 2 soat, shuningdek har bir vazifa yo‘riqnomasini o‘qib chiqish uchun qo‘shimcha 30 daqiqadan vaqt beriladi.
7. Nomzodlar psixologik test savollariga javob variantlarini belgilashda javoblar varaqasidagi variantlardan faqat bitta to‘g‘ri javobni belgilashi lozim.
8. Psixologik test sinovlarini topshirish vaqtida nomzodning xonadan chiqishi taqiqlanadi, nomzodning sog‘lig‘i yomonlashgan holatlar bundan mustasno. Psixologik test sinovii tugagunga qadar xonani tark etgan nomzod xonaga takroran kiritilmaydi.
9. Psixologik test sinovlarini o‘tkazish vaqtida sinovlar o‘tkazilayotgan xonada nomzodlar hamda saralash komissiyasi aʼzolaridan tashqari boshqa shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.
10. Javoblar to‘g‘ri belgilanishi uchun nomzod shaxsan javobgardir.
11. Nomzodning psixologik test savollariga bergan javoblari mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq psixologik test natijalarini hisoblash jadvali asosida hisoblab chiqiladi.